Niderlandiyaning Zandvort trassasida Formula-1 chempionati 2026-yilgi mavsumining 12-bosqichi — Niderlandiya Gran-prisi bo‘lib o‘tdi. Unda “MkLaren” a’zosi, amaldagi jahon chempioni Lando Norris marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va joriy mavsumdagi ikkinchi g‘alabasini rasmiylashtirdi. Shohsupaning qolgan pog‘onalarini “Mercedes” vakillari — Kimi Antonelli (2-o‘rin) hamda joriy mavsumda ikki marta Gran-pri yutgan Jorj Rassell (3-o‘rin) band etdi.
To‘rt karra jahon chempioni, “Red Bull” poygachisi Maks Ferstappen esa birinchi aylanada trassaning nam qismida boshqaruvni yo‘qotib, avariyaga uchradi. Oqibatda u poygani muddatidan avval yakunlashga majbur bo‘ldi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Lando Norris o‘z ochkolarini 159 taga yetkazib, umumiy jadvalda to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Peshqadamlikni esa 242 ochko jamg‘argan “Mercedes” poygachisi Andrea Kimi Antonelli saqlab turibdi. Uning jamoadoshi Jorj Rassell va “Ferrari” a’zosi Lyuis Hemilton hisobida 183 tadan ochko mavjud bo‘lib, ular mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallab turibdi.
Ma’lumot o‘rnida, chempionatning navbatdagi bosqichi 4—6-sentyabr kunlari Italiyaning Monza shahrida bo‘lib o‘tadi.