O‘zbekiston Superligasi 12-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Olimpik” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning 23 yoshli mahoratli himoyachisi Ibrohim Yo‘ldoshev bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Superliganing joriy mavsum bahslari ancha qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tmoqda hamda bo‘lib o‘tgan bellashuvlar bu yil oson o‘yinlar bo‘lmasligini isbotlamoqda. Bo‘lajak bellashuv ham bundan mustasno bo‘lmaydi, albatta.
Umuman olganda, “Navbahor”ga qarshi barcha jamoalar o‘zgacha ishtiyoqda maydonga tushadi hamda bu yilgi o‘yinlarni yaxshi o‘tkazayotgan bu safargi raqib - “Olimpik” ham jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intiladi.
Xabaringiz bor, o‘tgan turda safarda “Bunyodkor” ustidan yirik – 5:1 hisobida g‘alaba qozonib, “Navbahor” ishqibozlariga olam-olam quvonch ulashgandik va bo‘lajak bahsda ham jamoamiz muxlislari bizdan shunday yuqori saviyadagi o‘yin kutishadi. Shu bois, “olimpiyachilar” bilan bo‘ladigan bellashuvni ham o‘sha tempda o‘tkazib, g‘alaba qozongan holda, muxlislarga quvonch ulashishga harakat qilamiz hamda buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Ishqibozlardan esa jamoamizni bevosita stadionda munosib tarzda qo‘llab-quvvatlab, g‘alabamizga madadkor bo‘lishlarini so‘rab qolaman.
Fursatdan foydalanib, bizga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov, shuningdek, “Navbahor” PFK rahbariyati, jumladan, klub vise-prezidenti Otabek Arifovich Samatovga jamoamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
“Navbahor” joriy mavsumda o‘zi qatnashadigan barcha musobaqalarda zafar quchishni maqsad qilgan. Buni amalga oshirish uchun biz – futbolchilar qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz", dedi Ibrohim Yo‘ldoshev klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida.