«Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri UEFA Chempionlar ligasi doirasida Turkiyaning «Fenerbaxche» klubiga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan jamoa futbolchilarining jismoniy holati haqida ma’lumot berdi.
Ispaniyalik mutaxassis matbuot anjumanida Matteo Rudjeri, Leon Goreska va Yan Matsenning o‘yinga tayyorgarligi xususida to‘xtaldi.
Emerining ta’kidlashicha, Rudjeri jarohati sabab bir oydan ko‘proq vaqt davomida maydonga tusha olmaydi. Matsenning tiklanish jarayoni ham hali yakunlanmagan.
«Rudjerining tiklanishi uchun aniq qancha vaqt kerak bo‘lishini bilmayman. Biroq u bir necha hafta, hatto bir oydan ko‘proq muddatga safdan chiqqan.
Biz bu vaziyatda yechim topishimiz kerak, chunki Matsen ham hozircha o‘ynay olmaydi. O‘ylashimcha, u bir yoki ikki haftadan keyin jamoaga qo‘shilishi mumkin», — dedi Emeri.
Shu bilan birga, «Aston Villa» uchun ijobiy yangilik ham bor. Germaniyalik yarim himoyachi Leon Goreska «Fenerbaxche»ga qarshi uchrashuv qaydnomasiga kiritiladi.
Goreska joriy yilning avgust oyida erkin agent sifatida Angliya klubiga qo‘shilgan edi. Biroq mashg‘ulotlarni boshlaganidan ko‘p o‘tmay tizzasidan jarohat olgani sababli hozirgacha «Aston Villa» safida rasmiy o‘yinda maydonga tushmagan.
Endilikda germaniyalik futbolchi Chempionlar ligasidagi uchrashuvda yangi jamoasi safida debyut qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, «Aston Villa» Chempionlar ligasining umumiy bosqichini Belgiyaning «Bryugge» klubi ustidan qozonilgan 3:2 hisobidagi g‘alaba bilan boshlagan.
Angliya jamoasi 14 oktyabr kuni «Fenerbaxche»ni o‘z maydonida qabul qiladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 15 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi.
Ushbu bahsdan so‘ng Emeri shogirdlari kelasi hafta Norvegiyaning «Viking» klubiga qarshi maydonga tushadi.