«Barselona» Xans-Diter Flik boshchiligida navbatdagi yirik g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Kataloniya klubi UYEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichi 2-turida Turkiyaning «Galatasaroy» jamoasini 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
Bu «Barselona»ning germaniyalik murabbiy qo‘l ostida kamida uchta to‘p farqi bilan qozongan 44-g‘alabasi bo‘ldi. E’tiborlisi, Flik boshchiligida o‘tkazilgan 127 ta uchrashuvning 44 tasida kataloniyaliklar raqiblarini yirik hisobda yengishga muvaffaq bo‘lgan.
Flik davrida «Barselona» eng ko‘p «Valensiya»ni yirik hisobda mag‘lub etgan. Kataloniyaliklar ushbu jamoa ustidan to‘rt marta — 7:1, 5:0, 6:0 va 5:0 hisoblarida zafar quchgan.
Shuningdek, «Barselona» «Atletik» (3:0, 4:0, 5:0), «Malyorka» (5:1, 3:0, 3:0) va «Sevilya» (5:1, 4:1, 5:2) klublarini uch martadan yirik hisobda mag‘lub etgan.
Kataloniyaliklar Madridning «Real» (4:0, 5:2), «Jirona» (4:1, 4:1), «Vilyarreal» (5:1, 4:1) va «Xetafe» (3:0, 3:0) jamoalari ustidan esa ikki martadan yirik g‘alabaga erishgan.
Bundan tashqari, Flik boshchiligidagi «Barselona» quyidagi klublarni ham kamida uchta to‘p farqi bilan mag‘lub etgan:
«Feyenoord» — 5:1, «Valyadolid» — 7:0, «Yang Boyz» — 5:0, «Alaves» — 3:0, «Bavariya» — 4:1, «Srvena Zvezda» — 5:2, «Brest» — 3:0, «Barbastro» — 4:0, «Betis» — 5:1, «Real Sosyedad» — 4:0, «Borussiya» — 4:0, «Olimpiakos» — 6:1, «Ovyedo» — 3:0, «Kopengagen» — 4:1, «Levante» — 3:0, «Osasuna» — 3:0, «Atletiko» — 3:0, «Nyukasl» — 7:2, «Espanyol» — 4:1, «Elche» — 5:0, «Rayo Valyekano» — 5:2 va «Rasing» — 7:2.
Shu tariqa, «Barselona» Flik boshchiligida o‘tkazgan o‘yinlarining qariyb 35 foizida kamida uchta gol farqi bilan g‘alaba qozongan.