O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov “Lolazor” podkastiga bergan intervyusida o‘zini fransiyalik futbol yulduzi Kilian Mbappega o‘xshatishini aytdi. Podkast boshlovchilari shaxmatchidan o‘zini futbolda kimga qiyoslashini so‘radi. Abdusattorov Mbappe nomini tilga olib, u bilan o‘rtasidagi o‘xshashlikni terma jamoa safidagi o‘yinlari va jamoaviy ruh bilan izohladi.
“Menimcha, xarakterimizda o‘xshashlik bor. Men ham jamoa uchun yaxshi o‘ynayman, terma jamoa safida esa o‘zgacha ochilaman. Chennay, Budapesht va Samarqandda o‘tgan uchta shaxmat olimpiadasida qatnashib, atigi bir marta mag‘lub bo‘lganman. O‘z taxtamda doim birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallaganman. Mbappe ham Fransiya terma jamoasida o‘ynaganda o‘zini boshqacha namoyon qiladi. Buni Jahon chempionatlarida ham ko‘rdik. Shu jihatdan o‘zimni unga o‘xshataman”, dedi Abdusattorov.
Ma’lumot uchun, Nodirbek Abdusattorov o‘zbek shaxmatining eng taniqli vakillaridan biri. U 2022 yilda Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan. Jamoa oradan to‘rt yil o‘tib, Samarqandda tashkil etilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham chempionlikni takrorlagan.
Shuningdek, Abdusattorov Samarqanddagi musobaqada birinchi taxtada ham oltin medalga sazovor bo‘ldi.