Belgiyaning «Bryugge» klubi hujumchisi Nikolo Trecoldi kelajakda Italiyaning «Milan» jamoasi sharafini himoya qilishni orzu qilmoqda. Bu haqda futbolchining otasi Emanuele Trecoldi La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Nikolo bolaligidan «Milan» muxlisi bo‘lib ulg‘aygan va italiyaliklar safida to‘p surgan mashhur futbolchilarga havas qilgan.
«U Kaka, Indzagi va Patoni yaxshi ko‘rib qolgan edi. Shundan keyin uning fikrini o‘zgartirishning hech qanday iloji bo‘lmadi», — dedi Emanuele Trezoldi.
Futbolchining otasidan o‘g‘li kelajakda Italiya A Seriyasida to‘p surishi mumkinligi haqida ham so‘rashdi.
Emanuele bunday imkoniyat mavjudligini ta’kidlab, Nikolo uchun «Milan» libosini kiyish bolalikdan shakllangan katta orzu ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, u o‘g‘liga «Inter»dan taklif tushgan taqdirda ham, uni rad etishi mumkinligini istisno qilmadi. Uning fikricha, futbolchining «Milan»ga bo‘lgan muxlislik sadoqati qaror qabul qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
Qizig‘i, 22 yoshli Nikolo Trezoldi yaqin orada aynan «Inter»ga qarshi maydonga tushishi kutilmoqda.
«Bryugge» hujumchisi UEFA Chempionlar ligasi doirasida Milanning «Inter» klubiga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Shu tariqa, yosh futbolchi kelajakda «Milan» sharafini himoya qilishni orzu qilayotgan bir paytda, Chempionlar ligasida ushbu klubning azaliy raqibiga qarshi to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘ladi.