«Real» hujumchisi Vinisius Junior Ispaniya chempionati 8-turidan o‘rin olgan «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda (1:0) maydondan chetlatilganidan so‘ng La Liga xodimiga nisbatan jismoniy kuch ishlatdi va haqoratli so‘zlarni aytdi. Bu haqda DAZN jurnalisti Isaak Futo xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, maydonni tark etayotgan Vinisius La Liganing uchrashuvlar direktori Luis Lopesni turtib yuborgan.
«Bu voqea VAR zonasiga juda yaqin joyda sodir bo‘ldi. Shuning uchun dastlab Vinisius uni videohakamlardan biri deb o‘ylagan, degan xulosaga keldim. Ammo unday emas ekan — menga Vinisius uning La Liga xodimi ekanini bilgani haqida xabar berishdi. Qolaversa, u: “Iflos chempionat”, degan. Vinisius La Liga uchrashuvlar direktori Luis Lopesga aynan shu gapni aytdi va shundan so‘ng tezda ketdi. Vinisiusning xatti-harakatlari mutlaqo qoralanishga loyiq», — dedi Futo DAZN efirida.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuvning 72-daqiqasida bosh hakam Isidro Dias de Mera videotakrorni ko‘rib chiqqach, Vinisius Juniorning golini bekor qildi va braziliyalik futbolchini maydondan chetlatdi. Bunga «Real» hujumchisining hujum davomida raqib yarimhimoyachisi Natan Salibaning sochidan tortgani sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, o‘yin bayonnomada futbolchining hakamga nisbatan tajovuzkor xatti-harakatlari qayd etilgani bois Vinisius uzoqroq muddatga diskvalifikasiya qilinishi mumkin.
Ispaniya chempionati. 8-tur
«Real» — «Vilyarreal» — 1:0
Gol: Diomande, 62.
Chetlatish: Vinisius Junior, 73 («Real»).