«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Karrik UEFA Chempionlar ligasida «Atletiko»ga qarshi safar uchrashuvidagi 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
«Hissiyotlarim qarama-qarshi. Bu yerda o‘ynash qiyin, biz esa uchrashuvni yomon boshlaganimiz sababli o‘zimizni murakkab vaziyatga tushirib qo‘ydik. Ammo nazarimda, o‘yin davomida harakatlarimizni yaxshilay oldik.
Ikkinchi bo‘limda uchrashuv nazoratini qo‘lga oldik, garchi raqib darvozasiga jiddiy xavf tug‘dira olmagan bo‘lsak ham. Keyin Brunuda imkoniyat yuzaga keldi, shundan so‘ng esa futbolchimiz maydondan chetlatildi. Menimcha, bu hakamning noto‘g‘ri qarori bo‘ldi. Imkoniyatlarimizdan foydalana olmaganimiz va ko‘proq golli vaziyatlar yarata olmaganimizdan hafsalam pir bo‘ldi.
Biz taktikada ayrim o‘zgarishlar qilishga harakat qildik. Himoyada, ehtimol, o‘yin yo‘nalishini bir qanotdan ikkinchisiga haddan tashqari ko‘p o‘zgartirdik.
Asosiy hissiyotim shuki, biz yaxshiroq natijaga erishishimiz mumkin edi. Bu o‘yinda muvaffaqiyat qozonish qo‘limizdan kelardi va undan ko‘proq natija chiqarishimiz kerak edi.
Biz, albatta, bu vaziyatdan chiqish yo‘lini topishimiz shart. Bugungi o‘yin — alohida masala. Bu Chempionlar ligasi va safardagi murakkab uchrashuv edi. Ammo umumiy holat haqida gapiradigan bo‘lsak, ayrim jihatlarda yomon ishlamayapmiz», — dedi Karrik Amazon Prime nashriga bergan intervyusida.
Qo‘shimcha qilamiz, ayni paytda «Manchester Yunayted» Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalida atigi 13-o‘rinni egallab turibdi.