Portugaliya milliy terma jamoasining sobiq himoyachisi Pepe mamlakat Futbol federasiyasi (FPF) jamg‘armasi boshqaruv kengashi a’zosi etib tayinlandi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati rasman ma’lum qildi.
Futbolchilik faoliyatini yakunlagan portugaliyalik sobiq himoyachi yangi lavozimga tayinlanganidan mamnun ekanini bildirib, o‘z tajribasi orqali jamg‘arma faoliyatiga hissa qo‘shish niyatida ekanini ta’kidladi.
«O‘zimga yaqin deb bilgan va qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan ushbu jamg‘armadan taklif olish men uchun katta sharaf bo‘ldi.
Umid qilamanki, faoliyatim orqali foyda keltira olaman, ko‘plab insonlarning yuziga tabassum ulashaman va federasiya qadriyatlarini keng targ‘ib qilishga hissa qo‘shaman», — dedi Pepe.
Ma’lumot uchun, Pepe 2024 yil avgust oyida professional futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
U 2007–2017 yillar davomida Madridning «Real» klubi sharafini himoya qilib, Ispaniya jamoasi safida 334 ta uchrashuv o‘tkazgan va 14 ta sovrinni qo‘lga kiritgan.
Ular orasida UEFA Chempionlar ligasidagi uchta chempionlik va Ispaniya La Ligasidagi uchta g‘oliblik ham bor.
Shuningdek, Pepe Portugaliya milliy terma jamoasi tarkibida 2016 yilgi Yevropa chempionati g‘olibi bo‘lgan. 2019 yilda esa UEFA Millatlar ligasining ilk mavsumida chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Endilikda sobiq himoyachi Portugaliya futboli rivojiga maydon tashqarisida hissa qo‘shishni davom ettiradi.