Fabrisio Romano 2026 yilgi «Oltin to‘p» uchun kurashda aniq favoritni ajratish nihoyatda qiyin ekanini ta’kidlab, Lamin Yamal va Xarri Keynni asosiy da’vogarlar sifatida ko‘rsatdi.
SBC Summit tadbirida so‘zlagan Romano bu yilgi poyga odatdagidan ancha ochiq kechayotgani va bir nechta futbolchi sovrinni qo‘lga kiritish uchun real imkoniyatga ega ekanini aytdi.
«Bu juda qiyin savol, chunki menimcha, “Oltin to‘p” uchun kurash hech qachon bu qadar ochiq bo‘lmagan.
Hozir taxminan olti-ettita futbolchi da’vogar bo‘lib turibdi. Rostini aytsam, bu yil tanlov juda qiyin», — dedi Romano.
Shunga qaramay, italiyalik insayderning fikricha, yakuniy kurashni Yamal va Keyn o‘rtasida deb qarash mumkin.
«Ob’ektiv nuqtai nazardan aytsam, Lamin Yamal va Keyn o‘rtasidagi imkoniyatlar deyarli 50/50. Balki 51/49. Menimcha, asosiy kurash ular o‘rtasida kechadi», — dedi u.
Biroq Romanoning shaxsiy tanlovi boshqacha. U «PSJ» vingeri Xvicha Kvarasxeliyaning o‘tgan mavsumdagi, ayniqsa Chempionlar ligasidagi o‘yinlari yetarlicha qadrlanmagan deb hisoblaydi.
«Shaxsiy fikrimmi? Menga Kvarasxeliyaning o‘tgan mavsumdagi o‘yini juda yoqdi. Menimcha, u biroz kam baholandi. Jahon chempionatida qatnashmagan bo‘lsa ham, uning Chempionlar ligasida qilgan ishlarini unutmasligimiz kerak.
Men Neapoldanman va Kvarasxeliyaning Italiyadagi o‘yinlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Doim aytaman: u maydonda nimadir qilganda meni divandan sakrab turishga majbur qiladigan kam sonli futbolchilardan biri.
Uning o‘yini juda zavqli», — dedi Romano.
Shunga qaramay, barcha omillar — jahon chempionati, qo‘lga kiritilgan sovrinlar va boshqa ko‘rsatkichlar hisobga olinganda, Romano yana Yamal va Keynni asosiy da’vogarlar sifatida ko‘rsatdi.
«Jahon chempionati, sovrinlar va qolgan barcha omillarni hisobga olsam, menimcha, asosiy kurash Lamin Yamal va Keyn o‘rtasida», — deya xulosa qildi Romano.