Myunxenning «Bavariya» klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani jamoa vingeri Maykl Olise bilan ishlash jarayoni va futbolchining jahon miqyosidagi yulduzga aylanishi haqida fikr bildirdi.
Belgiyalik mutaxassis 24 yoshli fransuz futbolchisini allaqachon jahon darajasidagi yulduz deb hisoblashini ta’kidladi. Biroq uning fikricha, erishilgan muvaffaqiyatlar bilan cheklanib qolmasdan, muntazam rivojlanishda davom etish muhim ahamiyatga ega.
Kompani Sky Sport nashriga bergan intervyusida yuqori saviyali futbolchilar bilan ishlashda murabbiyning asosiy vazifasi nimadan iborat ekanini tushuntirdi.
«So‘nggi yillarda Olise juda katta o‘sishga erishdi. Ammo bunday futbolchilar bilan ishlashda murabbiy uchun eng muhim vazifa — ularning yanada rivojlanishga bo‘lgan intilishini saqlab qolish.
Bu, ayniqsa, ular doimiy maqtov eshitmaydigan muhitga tushib qolganida ham juda muhim.
Biz futbolchilarning mashg‘ulotlar va o‘yinlardagi muvaffaqiyatlarini e’tirof etamiz. Biroq ularning o‘yinida pasayish kuzatilsa, vaziyatni yaxshilash uchun qanday choralar ko‘rish kerakligini darhol muhokama qilamiz.
Bu bizning vazifamiz. Biz futbolchini jahon yulduziga aylantirmaymiz, chunki buning imkoni yo‘q. Bunday salohiyat futbolchining o‘zida avvaldan mavjud bo‘ladi», — dedi Kompani.
Shu tariqa, «Bavariya» ustozi Oliseni yuqori darajaga olib chiqqan asosiy omil uning tabiiy iqtidori va shaxsiy salohiyati ekanini ta’kidlab, murabbiylar esa bu qobiliyatlarni rivojlantirishga yordam berishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Maykl Olise 2024 yilning yozida Angliyaning «Kristal Pelas» klubidan «Bavariya»ga ko‘chib o‘tgan edi.