Qisqa masofaga suzish bo‘yicha Jahon chempioni, Yevropa chempionatlari sovrindori italiyalik Alberto Rassetti Toshkentda o‘tayotgan Jahon Kubogi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov libosida startga chiqdi.
Rassetti 200 metrga kompleks usulda suzish (barcha yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan dastur) bahsida ishtirok etdi. U masofani 1 daqiqa 52,53 soniyada bosib o‘tib, to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Mazkur yo‘nalishda amerikalik Sheyn Kasas 1:51,81 soniya natija bilan g‘olib bo‘ldi. Uning vatandoshi Karson Foster g‘olibdan 0,40 soniya ortda qolib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Kanadalik Finley Noks esa g‘olibdan 0,52 soniya kechroq marraga yetib kelib kuchli uchlikka kirdi.
Eldor Shomurodov faoliyati davomida Italiyaning “Jenoa”, “Roma” va “Kalyari” klublarida to‘p tepgan. Hozirda u Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. 2026 yil yozida hujumchi O‘zbekiston terma jamoasi safida Jahon chempionatida Kongoga qarshi bahsda guruh bosqichining eng chiroyli goliga mualliflik qilgan.
Shomurodov O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi — 47 ta gol.
Ma’lumot uchun, suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Ilya Sibirsev Toshkentda o‘tayotgan Jahon Kubogi bosqichida dastlabki medaliga ega chiqqan edi. Erkaklar o‘rtasida 800 metr masofaga erkin usulda kechgan bahslarda Sibirsev bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
1. Lukas Xenvo (Belgiya) – 7:37.83
2. Karson Foster (AQSH) – 7:40.38
3. Ilya Sibirsev (O‘zbekiston) – 7:40.77