Madridning "Real" klubi hujumchisi Yan Diomande jamoa safidagi ilk golini 2025 yilda fojiali tarzda hayotdan ko‘z yumgan singlisi Roksana xotirasiga bag‘ishladi.
Kot-d’Ivuarlik futbolchi Ispaniya La Ligasining 8-turidan o‘rin olgan "Vilyarreal"ga qarshi uchrashuvda yagona gol muallifi bo‘lib, madridliklarga 1:0 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi.
Diomande golni nishonlash chog‘ida hissiyotlarini jilovlay olmadi. U osmonga ishora qilib, ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Uchrashuvdan so‘ng esa ijtimoiy tarmoqda ta’sirli xabar qoldirdi.
«Bu gol men uchun so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan darajada katta ahamiyatga ega. La Ligadagi ilk golim sen uchun, singiljonim. Sen qalbimda abadiy yashaysan», — deb yozdi futbolchi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Diomandening singlisi Roksana 2025 yilda, 15 yoshida vafot etgan. Ayrim xorijiy nashrlarda qayd etilishicha, qiz ishtirok etgan ziyofatda uning ichimligiga noma’lum modda qo‘shilgan. Shundan so‘ng u hushini yo‘qotgan va shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
Roksana akasining eng yaqin muxlislaridan biri bo‘lgan va uning katta futbolda muvaffaqiyat qozonishiga ishongan.
Diomande avval ham singlisi xotirasiga bag‘ishlab ta’sirli maktub yozgan. Unda maydonda erishayotgan barcha yutuqlarini Roksanaga bag‘ishlashini ta’kidlagan edi.