Bosniya va Gersegovina futbol federasiyasi sport direktori Emir Spahich «Barselona Atletik» jamoasi yarim himoyachisi Mirza Chatovichning o‘yinini shaxsan kuzatdi. Bu haqda SPORT nashri xabar bermoqda.
Ayni paytda Juliano Belletti qo‘l ostida to‘p surayotgan yosh futbolchi o‘zining ishonchli harakatlari bilan mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.
Germaniyaning «Shtutgart» klubidan ijara asosida kelgan 19 yoshli Chatovich joriy mavsumda «Barselona» zaxira jamoasining eng yorqin kashfiyotlaridan biriga aylandi.
Futbolchi diskvalifikasiya va terma jamoa yig‘ini sabab bir nechta uchrashuvni o‘tkazib yuborganidan so‘ng, «SD Logronyes»ga qarshi bahsda yana asosiy tarkibga qaytdi.
Chatovichning jismoniy imkoniyatlari va maydondagi harakatlari «Barselona» asosiy jamoasi yarim himoyachisi Mark Bernalnikiga o‘xshatilmoqda.
Qayd etilishicha, yosh futbolchi xalqaro miqyosda Germaniya, Serbiya yoki Bosniya va Gersegovina terma jamoalaridan birini tanlash huquqiga ega.
Emir Spaxichning uchrashuvga tashrifi Bosniya va Gersegovina futbol federasiyasi Chatovichning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib borayotganidan dalolat beradi.
Biroq 19 yoshli yarim himoyachi hozircha kattalar darajasida qaysi milliy terma jamoa sharafini himoya qilishi borasida yakuniy qaror qabul qilmagan.