12 oktyabr, dushanba kuni bir qator ommaviy axborot vositalari portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduning shov-shuvli bayonotlarini tarqatdi. Biroq keyinroq ushbu fikrlar yangi emasligi ma’lum bo‘ldi.
Tarqalgan iqtiboslarda Ronalduning Lionel Messi bilan raqobati, futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilar haqidagi qarashlari hamda faoliyati davomida 1000 ta gol urish maqsadi xususida so‘z borgan.
Dastlab ushbu fikrlar portugaliyalik futbolchining yangi intervyusida aytilgandek taassurot uyg‘otgan.
Ammo keyinchalik Ronaldu bu bayonotlarni 2025 yilda bergani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, CNN telekanalining Portugaliyadagi bo‘limi futbolchining avvalgi intervyusini yangi material sifatida joylashtirgan. Natijada ko‘plab axborot manbalari uni dolzarb intervyu deb qabul qilib, Ronalduning fikrlarini alohida xabarlar sifatida tarqatgan.
Hozirda mazkur intervyuning videosi joylashtirilgan havola orqali materialni tomosha qilish imkoni yo‘q.
Sahifada «Afsuski, siz izlayotgan material mavjud emas. Ehtimol, sahifa o‘chirilgan yoki undan foydalanish imkoniyati cheklangan» degan xabar paydo bo‘lmoqda.
Shundan so‘ng bir qator ommaviy axborot vositalari o‘z xabarlariga tuzatish kiritib, Ronalduga tegishli iqtiboslar aslida 2025 yilda aytilganini qayd etdi.
Shu tariqa, ijtimoiy tarmoqlar va OAVda keng muhokama qilingan bayonotlar futbolchining yangi intervyusidan olinmagani oydinlashdi.