Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino Kabo-Verdeda bo‘lib o‘tgan konferensiyada milliy futbol assosiasiyalariga amalga oshirayotgan ishlari uchun minnatdorlik bildirib, Afrika futboli vakillarining yutuqlarini alohida e’tirof etdi.
«Futbol butun dunyodagi har bir insonga tegishli. Bizning vazifamiz esa imkoniyatlar yaratish va ularni hayotga tatbiq etish uchun zarur resurslarni topishdan iborat.
Biz buning natijalarini so‘nggi jahon chempionatida ko‘rdik.
Bu tarixdagi eng muvaffaqiyatli jahon chempionati bo‘ldi. Qaysi mezon bo‘yicha baholamang — muxlislar tashrifi, sport natijalari yoki moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘ladimi, barcha jihatdan eng yuqori darajadagi musobaqa bo‘ldi.
Afrika futboli ushbu turnirda qanday katta muvaffaqiyatlarga erishganini o‘zingiz ko‘rdingiz.
Bularning barchasi sizlarning sharofatingiz bilan amalga oshdi. Sizlar o‘z mamlakatlaringizda, qit’angizda va butun dunyo bo‘ylab har kuni olib borayotgan ishlaringiz orqali futbolni yangi bosqichga olib chiqmoqdasiz.
Afrikalik iste’dodli futbolchilar jahon futboliga ulkan ta’sir ko‘rsatdi va ularning bu boradagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Kabo-Verde terma jamoasi o‘z mamlakati va butun qit’a uchun faxr manbaiga aylandi.
Ammo bundan ham muhimi, ular nafaqat Kabo-Verde aholisi va shu mamlakatdan kelib chiqqan insonlarning, balki butun dunyodagi odamlarning qalbini zabt eta oldi», — dedi Janni Infantino.