Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) 2026 yilgi jahon chempionati davomida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabar va izohlar tahlili natijalarini taqdim etdi. Tegishli hisobot tashkilotning rasmiy saytida e’lon qilindi.
Musobaqa davomida avtomatlashtirilgan tizim orqali 17 milliondan ortiq post va izoh tekshirilgan. Ularning 240 mingtasi haqoratli mazmunga ega deb topilgan.
Aniqlangan holatlarning 43 foizi futbolchilarning o‘yini va jamoalar natijalariga qaratilgan salbiy fikrlardan iborat bo‘lgan. Shuningdek, 12 foiz holatda irqchilik, 9 foizida korrupsiyaga oid ayblovlar, 8 foizida zo‘ravonlik bilan tahdid qilish va 7 foizida ksenofobiya alomatlari qayd etilgan.
Fransiya terma jamoasi eng ko‘p haqoratga uchragan jamoa bo‘ldi. Fransuzlarga nisbatan 18 mingdan ortiq haqoratli holat aniqlangan bo‘lib, ularning 33 foizi irqchilik mazmunida deb baholangan.
Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Angliya terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Inglizlarga qaratilgan haqoratlarning 43 foizi umumiy mazmunda bo‘lgan. Irqchilik va ksenofobiya bilan bog‘liq holatlar esa jami 21 foizni tashkil etgan.
Haqoratli xabarlarning eng katta qismi Yevropadan (29,7 foiz) tarqatilgan. Keyingi o‘rinlarda Janubiy Amerika (28,1 foiz) va Shimoliy Amerika (22,5 foiz) qayd etilgan.
FIFA tahliliga ko‘ra, irqchilik mazmunidagi izohlarni eng ko‘p qoldirgan foydalanuvchilar Argentina hissasiga to‘g‘ri kelgan.