Osiyo Chempionlar ligasi Elit turnirining 2-turi doirasida Farg‘onaning "Neftchi" klubi Saudiya Arabistonining "An-Nasr" jamoasi mehmoni bo‘ldi.
Ar-Riyoddagi "Al-Avval Park" stadionida o‘tkazilgan uchrashuv mezbonlarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Bahsning dastlabki daqiqalaridan "An-Nasr" tashabbusni qo‘lga olishga intildi. 33-daqiqada Navaf Bushalning uzatmasidan keyin Anjelo to‘pni darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi.
Oradan to‘qqiz daqiqa o‘tib, mezbonlar ustunlikni oshirdi. 42-daqiqada Ayman Yahyoning uzatmasini Krishtianu Ronaldu golga aylantirdi — 2:0.
Birinchi bo‘lim yakunida "Neftchi" hisobdagi farqni qisqartirishga yaqin keldi. 44-daqiqada Markus Forss raqib darvozasini ishg‘ol qildi, biroq ofsayd sabab gol inobatga olinmadi.
Tanaffusdan keyin farg‘onaliklar bosh murabbiyi Islombek Ismoilov tarkibda ikkita o‘zgarishni amalga oshirdi. Ibrohimhalil Yo‘ldoshev va Yan Sasse o‘rniga Farrux Sayfiyev hamda Alisher Odilov maydonga tushirildi.
Bu qaror tez orada o‘z samarasini berdi. 51-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Alisher Odilov gol urib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Biroq 65-daqiqada "Neftchi"ning vaziyati yanada murakkablashdi. Yarim himoyachi Ikrom Aliboyev qo‘pol qoidabuzarlik uchun qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Shu tariqa, mehmonlar qolgan vaqtni bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Son jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan "An-Nasr" 78-daqiqada yana bir gol urdi. Bu vaziyatda "Neftchi" himoyachisi Anvarjon G‘ofurov to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi — 3:1.
Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi va farg‘onaliklar musobaqadagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
Shu tariqa, "Neftchi" ikki turdan keyin 3 ochko bilan G‘arb mintaqasi turnir jadvalida 7-o‘rinni egallab turibdi. "An-Nasr" ham dastlabki g‘alabasidan so‘ng 3 ochko jamg‘arib, 8-pog‘onaga ko‘tarildi.
Elit OCHL. G‘arb mintaqasi, 2-tur
"An-Nasr" (Saudiya Arabistoni) — "Neftchi" (O‘zbekiston) — 3:1
Gollar: Anjelo (33), Krishtianu Ronaldu (42), Alisher Odilov (51), Anvarjon G‘ofurov (78, avtogol).
Qizil kartochka: Ikrom Aliboyev (65, "Neftchi").