Poytaxtimizda suv sporti turlari bo‘yicha IX Osiyo chempionati boshlandi
Baho:
+0; -0
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz suzish federasiyasi hamda Osiyo suzish federasiyasi (AASF) tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli musobaqada qit’amiznig 26 davlatidan mingga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Chempionatda Vatanimiz sharafini 130 dan ortiq sportchi himoya qilmoqda.
Chempionatning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov, suzish federasiyasi raisi Q.Sanaqulov va boshqalar so‘zga chiqdi.
– Osiyo chempionati yuqori darajada tashkil etilganini alohida ta’kidlamoqchiman, – dedi Osiyo suzish federasiyasi vise-prezidenti Virendra Nanavati. – Mamlakatingizda barcha sohalar qatori sport ham jadal taraqqiy etayotgani, bolalar sportini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, yoshlarning barcha qatlamini – umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan tortib oliy o‘quv yurtlari talabalarigacha o‘ziga qamragan noyob tizimning yo‘lga qo‘yilgani tahsinga loyiq. Bunday e’tibor sportchilaringizning xalqaro maydonlarda yuksak natijalarga erishishiga xizmat qilmoqda.